-
Qachon:
m. a 105-yil
-
Kim:
Say Lun
-
Qayerda:
Xitoy
Biz har kuni ishlatadigan oddiy, ammo muhim vosita — ruchka haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Raqamli texnologiyalar hukmronlik qilayotgan davrda ham ruchka kundalik hayotimizda muhim ahamiyatga ega, abadiy vosita boʻlib qolmoqda. Ruchka evolyutsiya koʻmir va toshdan boshlab gʻoz patlari va siyohgacha ming yilliklar yoʻlini bosib oʻtidi. Ammo qalam grifeli hamda patqalamlar poʻlat uchining prototipi ixtiro qilinishi uchun esa yana asrlar kerak boʻldi.
XIX asrning oxiriga kelib, metall uchli qalamlar gʻoz patlari oʻrnini egalladi. Bunga qadar siyohning uzluksiz oqimini talab qilgan patqalamlar nozik did ramzi edi. Ammo siyoh idishlarini olib yurish va siyohning oqib ketishi bilan kurashish noqulayliklar yaratardi.
Koʻpincha zamonaviy sharikli ruchkani yaratgan novator deb hisoblanadigan vengriya-argentinalik jurnalist Laslo Biro edi. 1899-yilda tugʻilgan Biro hamma qatori muammolarga duch keldi — peroli va kapillyar (ingichka naychalari) ruchkalardan hafsalasi pir boʻldi. Oʻsha davrdagi koʻplab jurnalistlar singari Bironing asosiy ish quroli kapillyar peroli ruchka edi. Takomillashtirilganiga qaramay, u gʻoz patidan yasalgan qalamga nisbatan juda injiq boʻlib, undan siyoh oqishi yoki eng nooʻrin lahzada qogʻozda hech bir iz qoldirmasligi mumkin edi.

Kunlardan bir kun Biro deyarli qurigan matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan aylanma bosma mashinasini kuzatayotgan edi. Shunda unda bir fikr tugʻiladi: agar peroli ruchkada ham tipografik boʻyoqdan foydalanilsa, yozuvlar xuddi shunday tez quriydi. Ammo bu gʻoya faqat ruchkaning shikastlanishiga olib keladi, chunki bosma boʻyoq uning uchun juda quyuq boʻlib chiqdi. Shunga qaramay, konsepsiya tushunarli edi va uni amalga oshirish uchun jurnalist faqat bir odamni — kimyo boʻyicha bilimga ega akasi Georgni jalb etdi. Biro siyohni qogʻozga yetkazib berish jarayonini avtomatlashtirish bilan shugʻullanganda, Georg siyoh formulasi ustida ish olib bordi.

1938-yilda aka-uka Birolar qogʻoz boʻylab harakatlanganda sharchasi aylanadigan yozuv asboblarining birinchi tajribaviy namunasini patentladi. Ayni oʻsha davrda Vengriyada Bironi Fransiyaga koʻchib oʻtishga majbur qilgan Miklosh Xorti boshchiligida yahudiylarga qarshi choralar joriy etildi. U yerda Biro Britaniya aviatsiya sanoatiga ruchka ishlab chiqarilishi uchun birinchi litsenziyasini muvaffaqiyatli tarzda sotdi. Sharikli ruchkaning barcha afzalliklarini birinchi boʻlib ingliz shturmanlari baholadi. Bu ular uchun, ayniqsa, muhim edi, chunki ularning peroli ruchkalari tebranish jarayonida, sovuq harorat yoki balandlikda oʻz vazifasini bajara olmas edi.
Biroq Vengriyadagi yahudiylarga qarshi choralar tufayli ular 1942-yilda Argentinaga koʻchib oʻtdi. U yerda ular mahalliy investor Xuan Meyn mablagʻlari yordamida tezda sharikli ruchkalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi.
Kichik fabrika ruchkalarni ixtirochi familiyasiga investor familiyasining birinchi boʻgʻinini qoʻshib shakllantirilgan Birome nomi bilan ishlab chiqara boshladi. Boshlangʻich yuqori narxiga qaramay, ruchkalar mashhur boʻlib, yaxshi sotib olinardi. Qizigʻi shundaki, Argentinada bugungi kunda ham sharikli ruchkalar brendidan qatʼi nazar “Birome” deb ataladi.
1944-yilda Laslo Biro sharikli ruchkalarini AQShda taklif qilishni rejalashtirdi. U katta muvaffaqiyat umidida ikkita yirik kompaniyaga ishlab chiqarish uchun litsenziya sotdi. Ammo sharikli ruchkalar Amerika bozorida uzoq vaqtdan beri Reynolds Rocket nomi bilan sotilayotganidan xabar topdi. Yuzaga kelgan mojaro amerikalik kommivoyajer (olib sotar) Milton Reynolds Argentinadagi birinchi “birom”lardan birini sotib olib, keyinchalik ixtironi oʻz nomiga patentlagani bilan bogʻliq.
Reynolds bor mol-mulkini sotib, sharikli ruchkalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi va uni muvaffaqiyat bilan Amerika bozoriga kiritdi. AQShda ruchkalar Reynolds Rocket nomi bilan paydo boʻldi va donasi 12 dollardan sotildi. Oʻz ixtirosini AQShda patent bilan himoya qilmagan Biro Reynoldsning harakatlarini qoralashga urinib koʻrdi, ammo muvaffaqiyatga erishmadi. Yevropalik tadbirkorlar ancha halol edi va 1945-yilda fransuz tadbirkori Marsel Bik Birodan patent sotib oldi. U ruchkalarni yanada ommabop qilishga qaror qilib, sharikli ruchkalarni arzon plastmassadan ishlab chiqarishni boshladi va bir martalik sharikli ruchkalar ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi boʻlgan Bic kompaniyasini tashkil etdi.
Oʻz ixtirosini bozorga muvaffaqiyatli kiritganidan va munosib royalti¹ olganidan soʻng Laslo Biro ruchkalarga boʻlgan qiziqishini yoʻqotdi. 1947-yildan boshlab uning yangi qiziqishi rassomlik boʻldi. U 1985-yilda Buenos-Ayresda vafot etdi va 1986-yildan beri Argentinada uning sharafiga har yili ixtirochilar kuni nishonlanadi.
[1] Royalti — mashhur brend nomidan foydalanish uchun muntazam ravishda toʻlanadigan toʻlov
Manbalar: jewish.ru, livejournal.com
Muqova surat: midjouney.com