Texnologiya

Avtomobil

1769, Nikolas Kyunyo, Fransiya

Texnika va texnologiyalar rivojlangan zamonda yashar ekanmiz, oradagi masofalardan qatʼi nazar, bir joydan ikkinchi joyga borish muammo boʻlmay qoldi. Avtomobillar zamonaviy jamiyatning ajralmas qismiga aylanib, odamlarning sayohat va qatnov usullarini osonlashtirdi. Ular oddiy transport turlaridan boshlanib, hozirgi davrdagi ilgʻor texnologiya va xavfsizlik xususiyatlari bilan jihozlangan, murakkab mashinalarga aylandi.

Avtomobillar tarixiga nazar soladigan boʻlsak, ilk ixtiro qilingan avtomobil sifatida 1769-yilda fransuz ixtirochisi NikolasJozef Kyunyo tomonidan yaratilgan uch gʻildirakli, bugʻ dvigateli yordamida harakatlanadigan mashinani koʻrsatishimiz mumkin.

Bugʻ dvigatelli avtomobilda bugʻ qozoni boʻlib, unda suv koʻmir yordamida qizitiladi. Suvdan hosil boʻlgan bugʻ bosimi pistonlarga, ular esa ushbu energiyani gʻildiraklarga yoʻnaltiradi. Natijada gʻildiraklar harakatga keladi va avtomobil oldinga siljiydi.

Kugnot yaratgan mashina ulkan, ogʻir va bugʻda harakatlanuvchi uch gʻildirakli velosiped edi. Ushbu model toʻrt kishini koʻtarib, soatiga 3,6 km tezlikda 20 daqiqa harakatlangan. Sarflangan bugʻ quvvatini tiklash uchun velosiped 20 daqiqa harakatlanmay turgan.

Nikola-Jozef Kyunyo yaratgan uch gʻildirakli va bugʻ dvigatelli avtomobil koʻrinishi / wikipedia.org

Kyunyodan keyingi birinchi bugʻ aravasi 1790-yilda Fransiyaning Amyen shahrida ishlab chiqilgan. Taxminan 1800-yillarda Parijda bugʻli avtobuslar harakatlana boshlagan.

Avtomobil sohasida ingliz ixtirochilarining faollashuvi natijasida 1830-yillarga kelib, bugʻ vagonlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish kuchaydi. Katta marshrutlar, jumladan, Londondan Kembrijgacha boʻlgan yoʻnalishlar yoʻlga qoʻyildi. Bu harakatlarning barchasi ingliz ixtirochisi Tomas Nyukomen va muhandis Tomas Severining oldingi tadqiqotlariga asoslangan edi.

Benzinli avtomobil yaratilishi

Massachusets shtatining Springfild shahridagi velosiped mexaniklari Jeyms Frank va Charlz Dyuri 1893-yilda birinchi muvaffaqiyatli Amerika benzinli avtomobilini loyihalashtirgan. 1895-yilda bu mashina birinchi Amerika avtomobil poygasida gʻalaba qozongan va keyingi yili Amerikada ishlab chiqarilgan benzinli avtomobilning birinchi savdosini boshlab bergan.

1899-yilda oʻttizta amerikalik ishlab chiqaruvchi 2500 ta avtomobil ishlab chiqardi va keyingi oʻn yil ichida 485 ga yaqin kompaniya avtomobilsozlik biznesiga kirishdi. Avtomobil ishlab chiqarish Amerika Qoʻshma Shtatlarida eng katta ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirga ega boʻlishi kutilgan boʻlsa-da, u dastlab Germaniya hamda Fransiyada XIX asrning oxirlarida Gotlib Daymler, Karl Benz, Nikolaus Otto va Emil Levassor abi shaxslar tomonidan takomillashtirildi.

1901-yilda nemis muhandisi Vilgelm Maybax tomonidan avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya — Daimler Motoren Gesellschaft uchun ishlab chiqarilgan Mercedes barcha zaruriy qulayliklarga ega. U birinchi zamonaviy avtomashina sifatida hurmatga loyiqdir. Mercedes oʻttiz besh ot kuchiga boy boʻlgan va soatiga 85.295 km tezlikka erishgan.

Amerikalik sanoatchi va yirik kapitalist Genri Ford avtomobilsozlik rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan. U standart boʻlib qolgan ulgurji ishlab chiqarish texnikasini yangiladi va 1903-yillarga kelib u Ford avtokompaniyasiga asos soldi. Genri Ford tomonidan asos solingan Ford Motor Company eng zamonaviy dizaynni oʻrtacha narx bilan uygʻunlashtirishda raqobatchilardan ancha ustun keldi.

1906–1907-yillarda ishlab chiqarilgan toʻrt silindrli, oʻn besh ot kuchiga ega, 600 AQSh dollarlik Ford Model N mashinasi Cycle and Automobile Trade Journal nashrlari tomonidan “yaxshi ishlangan va koʻp miqdorda ishlab chiqarilgan, gaz dvigateli tomonidan boshqariladigan hamda arzon narxdagi avtomobilning birinchi namunasi” deya taʼriflandi.

Keyinchalik buyurtmalarga koʻra, Ford kompaniyasi takomillashtirilgan ishlab chiqarish uskunalarini oʻrnatdi va 1906-yildan keyin kuniga yuzta mashinani yetkazib bera oldi. Ford 1908-yilda Model T avtomobilini ixtiro qilgani bilan ham tanilgan. Model T avtomobili — 1908-yildan 1927-yilgacha ishlab chiqarilgan va ilk marta koʻp miqdorda ishlab chiqarilgan, hamyonbop avtomobil. Oʻsha vaqtida ushbu model Qoʻshma Shtatlarda sotilgan barcha avtomobillarning 40 foizini tashkil etgan.

Model T avtomobili, 1908-yil / wikipedia.org

1913-yilga kelib, Qoʻshma Shtatlar dunyodagi jami 606 124 ta avtomashinadan 485 000 tasini ishlab chiqargan.

Avtomobillar shunday uzoq tarixga ega boʻlib, bizgacha turli xil rivojlanish bosqichlaridan oʻtib kelgan. Hozirgi kunda dunyo boʻylab mashinalarning 400 dan ortiq tur va modellari mavjud. Avvallari mashinasozlikda asosan Amerika ustunlik qilgan boʻlsa-da, hozirgi kunga kelib deyarli har bir davlat oʻz mashinasini ishlab chiqara oladigan darajaga yetgan. Ushbu ixtiro odamlarning yashashi, ishlashi va harakatlanishini butunlay oʻzgartirib yubordi. Oddiy bugʻ dvigateldan boshlanib, bugungi zamonaviy avtomobillargacha avtomobil sanoati taraqqiyot va oʻzgarishlarning asosiga aylandi.


Manbalar: britannica.com, history.com, thoughtco.com, nationalgeographic.org
Muqova surat: wikipedia.org