Qog‘oz

m. a 105-yil, Say Lun, Xitoy

Qog‘oz kundalik hayotimizning ajralmas qismidir. U maktublar yozish, kitoblar chop etish, qadoqlash, sanoat va qurilish jarayonlarida, valyuta sifatida va boshqa turli maqsadlarda ishlatiladi. Shuningdek, qog‘oz insoniyat sivilizatsiyasining rivojlanishida ham muhim rol o‘ynaydi, u asrlar davomida butun dunyo bo‘ylab bilim va g‘oyalarni almashish uchun ishlatib kelingan. Inson hayotida alohida o‘ringa ega bo‘lgan qog‘oz qachon va kim tomonidan ixtiro qilingan? Ushbu maqolada tarixga oid ko‘plab ma’lumotlarni bizga yetib kelishiga sababchi bo‘lgan qog‘ozning ixtiro qilinishi haqida gaplashamiz.

Qog’oz — yog‘och, latta, maysa yoki boshqa o‘simlik manbalaridan olingan sellyuloza tolalarini suvda mexanik yoki kimyoviy qayta ishlash, nozik to‘r orqali suvni chiqarib yuborish, tolani sirtda teng ravishda taqsimlash, so‘ngra presslash va quritish orqali ishlab chiqarilgan yupqa qatlamli materialdir. 

Qog‘oz ishlab chiqarish Xitoyda miloddan avvalgi 105-yilda paydo bo‘lgan. Xan sulolasi davrida (miloddan avvalgi 202—220-yillar) imperator saroyida amaldor bo‘lgan Say Lun tut daraxti po‘stlog‘i, eski lattalar, kanop chiqindilari, baliq to‘rlari va boshqa tolalarni ishlatib qog‘oz varaqlarini yaratgan.

Say Lun qog‘ozni ixtiro qilgunga qadar Xitoyda bambuk, kanob, ipak qurti pillasi kabilardan qog‘ozga o‘xshash material tayyorlab foydalanishgan. Biroq, bambuk og‘ir, ipak esa qimmat edi. Buning ustiga bunday tolalardan tayyorlangan qog‘oz osongina nam bo‘lib, mo‘rtlashib qolardi. Say Lun vazir-maslahatchi etib tayinlanganidan so‘ng unga qog‘oz ishlab chiqarishning arzonroq va texnologik jihatdan rivojlangan usulini topish vazifasi topshiriladi. U qidiruv jarayonida ari uyasiga duch keladi. Arilar uyalarini qurishda ishlatadigan material nozik, ammo bardoshli bo‘lib, u izlayotgan narsaga juda mos kelar edi. Shuning uchun Say Lun arilarni kuzatishga qaror qiladi. U arilar qurilish materiallari sifatida yog‘och va o‘simlik tolalaridan foydalanishini aniqlaydi. Bu sellyulozaga boy xom-ashyo hasharotlar tomonidan yaxshilab chaynalgan va yopishqoq oqsilga boy so‘lak bilan namlangan. Ari so‘lagi, namlashdan tashqari, tolaga suv o‘tkazmaslik xususiyatini beradi. Keyin yumshatilgan tolali massa quriydi va yengil, qattiq va yetarlicha bardoshli materialga aylanadi. Say Lun tolani maydalab, yuzlab tajribalar o‘tkazgandan so‘ng tut po‘stlog‘i, kanop tolasi, yirtilgan baliq to‘rlari va eski matolardan shunga o‘xshash narsa yasash mumkin degan xulosaga keldi. Bularni barchasini suv bilan aralashtirib, hosil bo‘lgan massani qolipga (yog‘och ramka va bambukdan yasalgan elak) qo‘ydi. Massani quyoshda quritganidan so‘ng uni toshlar yordamida tekisladi. Natijada bardoshli qog‘oz varaqlari paydo bo‘ldi. Say Lun ixtirosidan so‘ng qog‘oz ishlab chiqarish jarayoni tez rivojlana boshladi. 

Uzoq vaqt davomida, qog‘oz ishlab chiqarish haqidagi bilimlarni islom olamiga milodiy 751-yilda bo‘lib o‘tgan Talas jangidan so‘ng asirga olingan ikki xitoylik qog‘oz ishlab chiqaruvchisi olib kelgan va ular tufayli Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish boshlangan, deb hisoblanardi. Ammo arxeologlar III asrdayoq Sharqiy Turkistonning Turfon, Xoʻtan va Dunxuan kabi shaharlarida qogʻoz ishlab chiqarila boshlaganini isbotladilar. Bu shaharlar Tyan-Shan gʻarbidagi Oʻrta Osiyo bilan yaqin savdo aloqasida boʻlgan. Savdogarlar yangi ixtironi ishtiyoq bilan qabul qildi va qog‘oz ishlab chiqarish jarayonining tafsilotlarini o‘rganib, o‘z yurtlarida tadbiq etdilar.

VII asr boshlarida qogʻoz Koreya va Yaponiyaga kirib bordi. VII—VIII asrlarda Oʻrta Osiyo, Koreya, Yaponiya va boshqa Osiyo mamlakatlarida qogʻoz ishlab chiqarish allaqachon rivojlangan bo‘lib, Samarqand qog‘ozi ayniqsa mashhurlikka erishgan edi.

XI—XII asrlarda qogʻozga oid bilimlar va undan foydalanish Yaqin Sharqdan oʻrta asrlar Yevropasiga tarqaldi. Qog‘oz G‘arbga Bag‘dod shahri orqali kirib kelgani uchun dastlab bagdatikos deb ataldi.  Ispaniyaning Kordova shahrida XI asrga oid suvda ishlaydigan qogʻoz tegirmonlarining qurilishi ishlab chiqarishning kengayishiga imkon berib, xitoyliklar va musulmonlar ixtiro qilgan qog‘oz ishlab chiqarish jarayonining o‘rnini egalladi. XIII asr oxirida Italiyada qogʻoz ishlab chiqarish markazlari koʻpaya boshladi, bu esa qogʻoz narxini pergament narxining oltidan bir qismigacha pasayishiga sabab bo‘ldi. ​

Uzoq vaqt davomida qog‘ozni juda ibtidoiy usulda — massani ohakda yog‘och bolg‘achalar bilan qo‘lda silliqlab va to‘rli tagliklari bo‘lgan qoliplarga qo‘yib tayyorlashgan. XVII asrning ikkinchi yarmida silliqlash apparati — rulonning ixtiro qilinishi ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun katta ahamiyatga ega edi. XVIII asrning oxirida rulonlar allaqachon ko‘p miqdorda qog‘oz pulpasini ishlab chiqarishga imkon berdi, ammo qog‘ozni qo‘lda quyish (ko‘chirish) jarayoning davom etishi ishlab chiqarishning yanada tezlashishiga to‘sqinlik qilardi.

1798-yilda Nikolas-Lui Robert birinchi qog‘oz ishlab chiqaruvchi mashinani yaratdi. Bir necha yil o‘tgach, aka-uka Genri va Sili Fourdrinerlar Robertning mashinasini takomillashtirdilar. 1809-yilda Jon Dikkinson birinchi silindrli mashinani ixtiro qildi.

Qog‘oz ishlab chiqarishning deyarli barcha bosqichlari yuqori darajada mexanizatsiyalashgan bo‘lsa-da, asosiy jarayon deyarli o‘zgarmagan. Birinchidan, tolalar ajratilib va namlanib, qog‘oz xamiri yoki zaxirasi ishlab chiqariladi. Keyin pulpa to‘qilgan ekranda filtrlanadi va tolali varaq hosil qiladi, u suvning katta qismini siqib chiqarish uchun bosiladi va siqiladi. Qolgan suv bug‘lanish yo‘li bilan chiqarib yuboriladi va quruq varaq yana bir bor siqiladi, Qog‘oz qanday maqsadda qo‘llanishiga qarab, unga boshqa moddalar qo‘shiladi yoki boshqa moddalar bilan qoplanadi.

XX asrda qog‘oz ishlab chiqarish uzluksiz oqim texnologik sxemasi, kuchli issiqlik elektr stansiyalari va yarim tayyor tolali mahsulotlar ishlab chiqaradigan murakkab kimyo sexlari boʻlgan yirik, yuqori darajada mexanizatsiyalashgan sanoatga aylandi.

Бумага — Википедия (wikipedia.org)

Paper | Definition, Papermaking, & Facts | Britannica